Bosh sahifa Markaz → Markaz tarixi

Markaz tarixi

     Institut 1944 yilda Samarqand viloyat xalq maorifi bo’limi qoshida tashkil etilgan uslubiyat xonasidan o’z faoliyatini boshlagan. 1945 yilda mazkur markaz Samarqand davlat universitetining kutubxonasida, keyinchalik fizika-matematika fakulteti binosiga ko’chirilib, viloyat o’qituvchilar malakasini oshirish institutiga aylantirildi, unga M.Mansurov direktor etib tayinlandi va 16 nafar mutaxassis faoliyat olib bordi. 1946 yildan institutga S.Devonayev rahbarlik qildi. 1948 yildan Z.P. Smirnova rahbarligida xodimlar soni 26 taga yetkazildi va 13 yo’nalish bo’yicha malaka oshirish amalga oshirildi.  1951-1953 yillarda N.F.Taranenko institut direktori lavozimida ishladi.

     1953-1955 yillar mobaynida viloyat malaka oshirish institutida direktorlik qilgan Ye.N.Naxanov rahbarligida institut hozirgi chet tillar instituti binosiga ko’chirildi. Shu davrda viloyat tuman va shaharlari ta’lim muassasalariga uslubiy yordam ko’rsatish kuchaytirildi. Joylarda o’tkaziladigan metodik tadbirlar va amaliy yordam doirasida yiliga o’rtacha 6000 dan ziyod boshlang’ich, to’liqsiz o’rta va o’rta maktablarning fan o’qituvchilari hamda rahbarlari qamrab olindi.

     1955 yildan institut faoliyatiga rahbarlik qilgan U.Narziyev boshchiligida institut Samarqand shahar 8-son maktabning eski binosiga ko’chirildi. Institut faoliyat doirasi yanada kengaydi. Institutda tashkil etilgan «Pedagogika” kabineti viloyat bo’yicha uslubiy ishlarni markazlashtirish va metodik yordamni ilmiylashtirishga imkon berdi. 

     Umumta’lim maktablarida uslubiy ishlarni takomillashtirish 1966 yilda institutni hozirgi binoga ko’chirilishi bilan yanada avj oldi. Umumiy maydoni 2647 kv.metr bo’lgan ushbu binoda 140 o’rinli yotoqxona tashkil etildi, 21  ta fan xonasi va 3 ta laboratoriyada 75 nafar mutaxassis, ulardan 21 nafari fan xonalari mudirlari va 26 nafar metodist faoliyat ko’rsatdi. Institutda ilmiy ishlarni rivojlantirish maqsadida ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari shtati berildi. Institutda olib borilgan ilmiy-uslubiy ishlar yakuni xalq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasida munosib baholandi.

     1975 yildan institut jamoasiga rahbarlik qilgan tajribali pedagog N.Latipov asosiy e’tiborni kurs faoliyatini ilmiy yo’nalishda takomillashtirishga qaratdi. 1979-1984 yillarda institutga R.Karimov rahbarlik qildi. Institut jamoasi malaka oshirish kurslari faoliyatini takomillashtirishga asosiy e’tiborni qaratdi. Bunda dosentlar X.Xurramov, M.Abduaxadov, D.Ortiqov, M.Jamolov, M.Muxtorov va boshqalar katta hissa qo’shdilar. Institut moddiy bazasi mustahkamlandi.   3 ta lingofon va 7 ta ta’lim xonasi texnika vositalari bilan jixozlandi.      1984-1988 yillarda institut jamoasiga raxbarlik qilgan N.Bo’ronov institut xodimlari tomonidan tuman, shaxarlar xalq ta’limi bo’limlariga ko’rsatiladigan amaliy uslubiy yordamning sifatini oshirishga  asosiy e’tiborni qaratdi.

     1988 yilda institut jamoasi tomonidan direktorlik vazifasiga saylangan Sh.Saidqulov eng avvalo tinglovchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishdi. Uning bevosita rahbarligida 10-son bolalar uyining sobiq eski binosi institut hisobiga olindi va kurs tinglovchilari uchun 200 o’rinli barcha qulayliklarga ega bo’lgan sanatoriy- prafilaktoriy tashkil etildi. 

     Viloyat xalq ta’limi bo’limining 1993 yil 24 dekabrdagi  qaroriga asosan viloyat o’qituvchilar malakasini oshirish instituti viloyat pedagogik xodimlar malakasini oshirish institutiga aylantirildi. Institut statusi tegishli organlar tomonidan tasdiqlandi va unda 5 ta kafedra va 6 ta uslubiy bo’lim, o’quv bo’limi, nashriyot va diagnostika bo’limlari faoliyat boshladi. Institut yangi nizomda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bir qator olimlar, fan doktorlari, professorlar, dosent va fan nomzodlari jalb etdi.

     1997 yildan institutga rektorlik qilgan A.Aminov rahbarligida kafedra va bo’limlar tizimi takomillashtirildi, nomutaxassis va nopedagog xodimlar uchun qayta tayyorlov kurslari tashkil etildi. Institutning ilmiy salohiyati oshirildi. Mavjud 7 ta kafedra va 9 ta bo’limda 8 nafar professor, 18 nafar fan nomzodi, 2 nafar dissertant va 4 nafar aspirant faoliyat olib bordi. Institutning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Kompyuterlar soni 102 taga yetkazildi va ularning hammasi lokal hamda internet tarmog’iga ulandi. Institut faoliyatini takomillashtirishga Sh.Usanov, B.Doniyorov va K.Xaydarovlar munosib hissa qo’shdilar. 

     2011 yildan institutga rektor etib tayinlangan A.Kuraxmedov  rahbarligida muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash,  institut ashyolari va mulkini asrash kabi masalalarga ye’tibor kuchaytirildi. Institutda 7 ta kafedra va 8 bo’lim bo’lib, ularda jami 83 nafar professor-o’qituvchi faoliyat ko’rsatdi. Ularning 59 nafari asosiy shtatda va 25 nafari o’rindosh, 4 nafari fan doktori, professor va 21 nafari fan nomzodi, dotsentlar edi. Institutning umumiy ilmiy salohiyati 28,1 foizni tashkil etdi.

     2017-2018 yillarda falsafa fanlari doktori O.G’aybullayev institut  rektori sifatida faoliyat olib bordi. Pedagog kadrlarni qayta tayorlash va malaka oshirishning dolzarb muammolariga bag’ishlab ilmiy-amaliy konferensiyalar o’tkazish, ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etish masalalari alohida ahamiyat kasb etdi.

     2018 yilning boshidan VXTXQT va MOI Samarqand davlat universiteti qoshidagi VXTXQT va MO hududiy Markaziga aylantirildi.

     Shu yilning sentabr oyidan hududiy Markazga pedagogika fanlari nomzodi, dosent S.Usmonov direktor etib tayinlandi. Moddiy-texnik baza u bilan yonma-yon joylashgan pedagogika kasb–hunar kollejini Markaz tasarrufiga o’tkazilishi munosabati bilan kuchaytirildi. Ayni vaqtda hududiy Markaz ixtiyorida   48 ta o’quv xonasi, 4 ta o’quv laboratoriyasi, 210 o’rinli tinglovchilar turar joyi, 3 ta sport zali va maydoni, 3 ta majlis va konferensiyalar zali, zamonaviy amfitetr, axborot-resurs markazi va 3 ta oshxona mavjud, 342 ta kompyuter, 38 ta videoproyektor va 6 ta elektron doska o’quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

     Hududiy markazda 122 nafar pedagog kadr bo’lib, ulardan 70 nafari asosiy shtatda, 52 nafari soatbay va o’rindoshlik asosida ishlab kelmoqda. Markazning ilmiy salohiyati 48.1 foizni tashkil etadi. O’tgan 6 oy davomida Markaz ilmiy salohiyatini kuchaytirish, jamoada ishchanlik va ijodiy muhitni qaror toptirish, tinglovchilarning pedagogik mahoratini oshirish maqsadida mustaqil ijodiy va ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilish, mehnat intizomi va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.



Tadbirlar