Bosh sahifa Sahifalar → Pedagoglarning kasb mahorati oshirilmoqda

Pedagoglarning kasb mahorati oshirilmoqda

O’zbekiston Milliy matbuot markazida oliy ta’lim tizimidagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasidagi xalqaro hamkorlikka bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh etish, o’qitish sifati va mazmunini yangi pog’onaga ko’tarish, malakali kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori bu boradagi ishlarni takomillashtirishda dasturilamal bo’layotir. 

Mazkur hujjatga asosan mamlakatimizda oliy o’quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish bo’yicha AQSh, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi yigirmaga yaqin davlat oliy ta’lim muassasalaridan jalb etilgan 100 dan ziyod mutaxassis ishtirokida yangi o’quv-reja va dasturlar ishlab chiqildi. 

Mamlakatimizda har yili davlat byudjeti hisobidan 760 professor-o’qituvchining xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarda malakasini oshirish, bitiruvchilarni doktorantura va magistratura dasturlari bo’yicha o’qitishni tashkil qilish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari pedagoglari tarkibi salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida jahonning yetakchi universitetlarida tahsil olgan, xorijda malaka oshirgan, sohaning tajribali mutaxassis va amaliyotchilaridan iborat nomzodlar bazasi shakllantirildi. Ularga 170 xorijiy mutaxassis qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashg’ulotlar o’tdi. 

2017-2018 o’quv yilida xorijiy davlatlarning hamkor oliy ta’lim muassasalari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlaridan vakillar o’quv jarayoniga jalb etilishi rejalashtirilgan. 

– Endilikda sinovlardan birinchi marotaba o’ta olmagan tinglovchi bir yil muddatda asosiy ishdan ajralmagan holda kurslarni mustaqil ravishda yoki masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish orqali o’zlashtirishi mumkin, – deydi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi direktori o’rinbosari Muhabbat Mirsoliyeva. – Masofadan o’qitish kurslarining onlayn va offlayn texnologiyalariga asoslangan dasturiy platformasi o’quv-metodik resurslari yaratildi. Hozir sakkiz yuzdan ziyod tinglovchi ish joyidan yoki uyidan turib masofaviy kurslarda tahsil olmoqda. 

Anjumanda professor-o’qituvchilarning kasb darajasini rivojlantirish, malaka talablari, o’quv rejalari, dastur va uslublarini takomillashtirish, internet tarmog’i, multimedia tizimlaridan foydalangan holda zamonaviy innovasion texnologiyalarni o’qitishni joriy etish, pedagog kadrlarning chet tilini amaliy o’zlashtirish darajasini oshirish kabi masalalar bo’yicha fikrlar bildirildi. 

Shahnoza Mamaturopova, O’zA



Tadbirlar