DARS TADQIQOTI — O‘QITUVCHILAR KASBIY RIVOJINING SAMARALI YO‘LI

23 Sentyabr, 2026 23

Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazida “Markaziy Osiyoda dars tadqiqoti asosida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” — “Developing a Teacher Training Model through Lesson Study in Central Asia” loyihasi doirasida mazmunli uchrashuv va taqdimot tashkil etildi.

 Tadbirni Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

 Unda markazning professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, Lesson Study — dars tadqiqoti yondashuvining mazmun-mohiyati, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishidagi ahamiyati hamda uni O‘zbekiston ta’lim tizimi sharoitida qo‘llash imkoniyatlari haqida fikr almashdilar.

Ta’kidlanganidek, Lesson Study yondashuvida asosiy e’tibor nafaqat o‘qituvchining darsni qanday tashkil etganiga, balki o‘quvchilarning dars davomida qanday o‘rganayotgani, fikrlayotgani, qaysi jihatlarda qiyinchilikka duch kelayotgani va ta’lim jarayonini qanday takomillashtirish mumkinligiga qaratiladi.

Loyihaning muhim jihatlaridan biri — Yaponiya tajribasini aynan ko‘chirish emas, balki Lesson Study tamoyillarini O‘zbekiston maktablari sharoitiga moslashtirish, pedagoglar o‘rtasida hamkorlik, kasbiy refleksiya va tajriba almashish muhitini rivojlantirishdan iborat.

 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida o‘qituvchilarni o‘qitish, model maktablarda dars tadqiqotlarini tashkil etish, mahalliy Lesson Study yetakchilarini tayyorlash, metodik materiallar ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlik asosida onlayn maslahat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

 Mazkur tashabbus pedagoglarning o‘z darslarini muntazam tahlil qilishi, hamkasblari bilan birgalikda izlanishi va ta’lim sifatini o‘quvchi ehtiyojlari asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

✍️Samarqand viloyati PMM ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring:

Powered by GSpeech