Institut 1944-yilda Samarqand viloyat xalq maorifi bo'limi qoshida tashkil etilgan uslubiyat xonasidan o'z faoliyatini boshlagan. 1945-yilda mazkur markaz Samarqand davlat universitetining kutubxonasida, keyinchalik fizika-matematika fakulteti binosida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Viloyat o'qituvchilar malakasini oshirish institutiga aylantirildi, unga M.Mansurov direktor etib tayinlandi va 16 nafar mutaxassis faoliyat olib bordi. 1948- yildan Z.P. Smirnova rahbarligida xodimlar soni 26 taga yetkazildi va 13 yo'nalish bo'yicha malaka oshirish amalga oshirildi. 1951-1953- yillarda N.F.Taranenko institut direktori lavozimida ishladi.

1953-1955- yillar mobaynida viloyat malaka oshirish institutida direktorlik qilgan Ye.N.Naxanov rahbarligida institut hozirgi chet tillar instituti binosiga ko'chirildi. Shu davrda viloyatning tuman va shaharlari ta’lim muassasalariga uslubiy yordam ko'rsatish kuchaytirildi. Joylarda o'tkaziladigan metodik tadbirlar va amaliy yordam doirasida yiliga o'rtacha 6000 dan ziyod boshlang'ich, to'liqsiz o'rta va o'rta maktablarning fan o'qituvchilari hamda rahbarlari qamrab olindi.

1955-yildan institut faoliyatiga rahbarlik qilgan U.Narziyev boshchiligida institut Samarqand shahar 8-son maktabning eski binosiga ko'chirildi. Institut faoliyat doirasi yanada kengaydi. Institutda tashkil etilgan "Pedagogika" kabineti viloyat bo'yicha uslubiy ishlarni markazlashtirish va metodik yordamni ilmiylashtirishga imkon berdi.

Umumta’lim maktablarida uslubiy ishlarni takomillashtirish 1966-yilda institutni hozirgi binoga ko'chirilishi bilan yanada avj oldi. Umumiy maydoni 2647 kv.metr bo'lgan ushbu binoda 140 o'rinli yotoqxona tashkil etildi, 21 ta fan xonasi va 3 ta laboratoriyada 75 nafar mutaxassis, ulardan 21 nafari fan xonalari mudirlari va 26 nafar metodist faoliyat ko'rsatdi. Institutda ilmiy ishlarni rivojlantirish maqsadida ilmiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari shtati berildi. Institutda olib borilgan ilmiy-uslubiy ishlar yakuni xalq xo'jaligi yutuqlari ko'rgazmasida munosib baholandi.

1975-yildan institut jamoasiga rahbarlik qilgan tajribali pedagog N.Latipov asosiy e’tiborni kurs faoliyatini ilmiy yo'nalishda takomillashtirishga qaratdi. 1979-1984-yillarda institutga R.Karimov rahbarlik qildi. Institut jamoasi malaka oshirish kurslari faoliyatini takomillashtirishga asosiy e’tiborni qaratdi. Bunda dotsentlar X.Xurramov, M.Abduaxadov, D.Ortiqov, M.Jamolov, M.Muxtorov va boshqalar katta hissa qo'shdilar. Institut moddiy bazasi mustahkamlandi. 3 ta lingofon va 7 ta ta’lim xonasi texnika vositalari bilan jihozlandi. 1984-1988-yillarda institut jamoasiga rahbarlik qilgan N.Bo'ronov institut xodimlari tomonidan tuman, shaharlar xalq ta’limi bo'limlariga ko'rsatiladigan amaliy uslubiy yordamning sifatini oshirishga asosiy e’tiborni qaratdi.

1988-yilda institut jamoasi tomonidan direktorlik vazifasiga saylangan Sh.Saidqulov, eng avvalo, tinglovchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishdi. Uning bevosita rahbarligida 10-son bolalar uyining sobiq eski binosi institut hisobiga olindi va kurs tinglovchilari uchun 200 o'rinli barcha qulayliklarga ega bo'lgan sanatoriy- prafilaktoriy tashkil etildi.

Viloyat xalq ta’limi bo'limining 1993-yil 24-dekabrdagi qaroriga asosan, viloyat o'qituvchilar malakasini oshirish instituti viloyat pedagogik xodimlar malakasini oshirish institutiga aylantirildi. Institut statusi tegishli organlar tomonidan tasdiqlandi va unda 5 ta kafedra va 6 ta uslubiy bo'lim, o'quv bo'limi, nashriyot va diagnostika bo'limlari faoliyat boshladi. Institutning yangi nizomda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bir qator olimlar, fan doktorlari, professorlar, dotsent va fan nomzodlari jalb etildi.

1997-yildan institutga rektorlik qilgan A.Aminov rahbarligida kafedra va bo'limlar tizimi takomillashtirildi, nomutaxassis va nopedagog xodimlar uchun qayta tayyorlov kurslari tashkil etildi. Institutning ilmiy salohiyati oshirildi. Mavjud 7 ta kafedra va 9 ta bo'limda 8 nafar professor, 18 nafar fan nomzodi, 2 nafar dissertant va 4 nafar aspirant faoliyat olib bordi. Institutning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Kompyuterlar soni 102 taga yetkazildi va ularning hammasi lokal hamda internet tarmog'iga ulandi. Institut faoliyatini takomillashtirishga Sh.Usanov, B.Doniyorov va K.Xaydarovlar munosib hissa qo'shdilar.
2011-yildan institutga rektor etib tayinlangan A.Kuraxmedov rahbarligida muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, institut ashyolari va mulkini asrash kabi masalalarga e’tibor kuchaytirildi. Institutda 7 ta kafedra va 8 bo 'lim bo'lib, ularda jami 83 nafar professor-o'qituvchi faoliyat ko'rsatdi. Ularning 59 nafari asosiy shtatda va 25 nafari o'rindosh, 4 nafari fan doktori, professor va 21 nafari fan nomzodi, dotsentlar edi. Institutning umumiy ilmiy salohiyati 28,1 foizni tashkil etdi.

2017-2018-yillarda falsafa fanlari doktori O.G'aybullayev institut rektori sifatida faoliyat olib borgan.

2019-yildan h.v pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) A.Ibragimov hududiy markaz direktori sifatida faoliyat olib bormoqda.

Powered by GSpeech