6–17 oktabr kunlari O‘zbekistonda UNICEF, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Learning Innovation Hub hamkorligida amalga oshirilayotgan “Ishonch 2030” loyihasi doirasida Eduten sun’iy intellekt asosidagi matematika platformasini keng joriy etishga qaratilgan treninglar davom etmoqda.
Navbatdagi seminar Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazida bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand, Xiva, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan kelgan o‘qituvchilar hamda maktab rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ishtirok etib, ochilish so‘zi bilan chiqish qildilar. Ular ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarning o‘rni, xususan Eduten platformasi orqali matematika darslarining samaradorligini oshirish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Trening davomida ishtirokchilar raqamli ta’lim vositalaridan foydalanish, Eduten platformasida interfeys bilan ishlash, haftalik dars rejasini tuzish, o‘quvchilar faoliyatini tahlil qilish va hamkorlikda rejalashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
🇩🇪Eduten platformasi hozirda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida qo‘llanilmoqda va 200 mingdan ziyod foydalanuvchiga ega. O‘zbekiston maktablarida ham ushbu innovatsion platformani tatbiq etish orqali o‘quvchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va matematika fani bo‘yicha bilim darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.