Bugun, 21-oktabr millatimizning eng bebaho boyliklaridan biri — ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun O'zbek tili bayramini nishonlamoqdamiz. Tilimiz — bizning milliy g‘ururimiz, madaniy merosimiz va tariximizning muhim qismi hisoblanadi. Har bir so‘z, har bir ifoda, har bir gap – bu xalqimizning yuragi va ruhining aksidir.
Til — faqat muloqot vositasi emas, balki millatning ongini, qadriyatlarini, tafakkurini ifoda etuvchi eng muhim omildir. Ona tilimizda yozilgan asarlar ajdodlarimizning dono fikrlarini, xalqimizning urf-odatlarini, madaniyati va ma’naviyatini o‘zida mujassam etgan. Shuning uchun, ona tilimizni saqlash va rivojlantirish har birimizning sharafli burchimizdir.
Bugungi kunda tilimizni yanada rivojlantirish, yosh avlodga ona tilining nafisligi va go‘zalligini yetkazish — biz pedagoglarning ustuvor vazifasi. Tilga bo‘lgan ehtirom va mehr-muhabbat nafaqat milliy o‘zligimizni saqlab qolish, balki butun dunyo bilan samarali muloqot qilishimiz uchun ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan 21-oktabr — O'zbek tili bayrami kunida barchangizni samimiy tabriklayman. Ona tilimizni sevish, uni o‘rganish va rivojlantirish yo‘lida ko‘rsatayotgan harakatlaringiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, ilmiy va ijodiy yutuqlar, oilaviy tinchlik tilayman.
Kelajak avlodlarimiz ona tilini yanada yuksak qadrlashlari, uni dunyo miqyosida yanada keng targ‘ib qilishlari uchun birgalikda mehnat qilishda kuch-quvvat yor bo'lsin.
Hurmat bilan,
Anvar Sobirov,
Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori