Aziz va qadrli yurtdoshlar! Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqargan, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyat va an’analarimizni tiklash, ona tilimiz, tariximiz va boy ma’naviy merosimizni ulug‘lash imkonini bergan buyuk ne’matdir.
Bugun biz mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni faxr va g‘urur bilan e’tirof etar ekanmiz, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning munosib hayot kechirishi va yosh avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun mustahkam sharoit yaratishga qaratilganini alohida ta’kidlaymiz.
Ayniqsa, ta’lim va ma’rifat sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor biz, ustoz va pedagoglar zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Zero, bugungi bilimli, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar va zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yoshlar — Yangi O‘zbekistonning ertangi taraqqiyotini belgilaydigan asosiy kuchdir.
Shu bois, har bir pedagogning fidokorona mehnati, kasbiy mahorati va yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qo‘shayotgan hissasi Vatanimiz kelajagiga qo‘shilgan beqiyos hissa, deb hisoblayman.
Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylar, ta’lim sohasi fidoyilari hamda aziz yurtdoshlarimizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va xotirjamlik, sharafli mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, kelajagimiz buyuk bo‘lsin!
🇺🇿 Muqaddas va bebaho Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Anvar Sobirov
Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori