O‘QITUVCHILAR SULOLASI

29 Sentyabr, 2025 17

Bolalikning sehrli beg‘uborligi, yoshlikning munis tilaklari, bolaning hayoliy orzulari, tarbiyaning oftob odobi go‘zal qalbning sur‘atidir.
Tengdoshlari ichida tengsiz bo'lgan Maqsuda Abdujabborovani ham o‘qituvchi bo‘lish maqsadi bolalikdagi eng katta dilidagi orzusi edi. Bugun musavvir hayotning rassomona chizgan ajinlari ham nuroniy chehrasiga yarashib turgan, minglab shogirdlarining mehrini qozongan bu muhtarama onaxon nafaqada bo‘lsada hali hanuz uning dargohidan shogirdlar izi arimaydi.
Maqsuda Abdujabborova 1951-yilda Jomboy tumanidagi Uzunovul qishlog'ida tavallud topgan. Maktabni a'lo baholarga bitirib Sadriddin Ayniy ( hozirgi Samarqand davlat Universiteti) nomli Samarqand pedagogika institutining til va adabiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Oilada katta farzand bo'lganligi uchunmi uning ortidan qolgan uch singil ham o‘qituvchilik kasbini tanlashdi.
Birinchi bor sochlari ikkita qilib o'rib, boshiga do'ppi, egniga xonatlas kiygan holda ilk bor shu tumandagi
22-umumta'lim maktabiga ishga kelgandi.
Shu maktabda ish boshlab, o'ttiz uch yil shu maktabda ishlab, yoshlik zavqi, onalik baxti, ustozlik hurmati, hayot tajribasiga ega bo'lish va qarilik nafaqasiga chiqish bu oddiy gap emas. Onaxonning dars bergan shogirdlari bugun nafaqaga chiqish arafasida. Umrning gashti, inson ko'nglidan, shukuhidagi shirin intiqlik uni doim o‘z kasbidan mag‘rurlanishini anglatib turganligini u ko‘p marta o‘z suhbatlarida ta'kidlaydi.
- "Bolalarning mehri, ishonchi dars jarayonida termulib zavqlanishi, ustozni sevishi, bu men uchun hayotimning mazmuni bo'lgan, men chindan ham baxtiyorman. Bugun ommalashib borayotgan ko'plab yangi pedagogik texnologiyalarni darslarda tadbiq etilayotganligini shogirdlarim mashg'ulotlarida, suhbatlarida eshitaman.
Shunda, bundan yigirma, o'ttiz yil ilgari o'tilgan darslar bilan taqqoslayman, haqiqatdan o'sha vaqtlar bir yoqlama darslar o'tilgan bo'lsada ikki tomonlama ham ijodkorlikni yaratishga intilganmiz", - deydi biz bilan suhbatda ustoz onaxon.
Darhaqiqat, bugun bu sulolaning o‘qituvchilik kasbini tanlaganlar yuzdan oshib ketgan. "Ziyolilar" deb alohida hurmatga ega bo'lgan bu avlodni padari buzrukvori rahmatli Abdujabbor otaning alohida o'rni bor. O'sha qiyin paytlar sobiq sho'ro tuzum davrida shamchiroq yorug'ida xom ko'sakni chuvib davlatga topshirish kerak bo'lgan, olov yorug‘ida o‘tirib qo‘llari ko‘sak chuvib qavargan lahzalarda ham kimdir kitobni mutolaa qilib turgan, bo‘lmasa otalari qattiq talab qilar ekan. Bu oilada kitob muqaddas sanalgan. Ota bobolaridan qolgan eski kitoblarni o‘sha paytda kelgan sobiq sho‘ro tekshiruvchilari olib ketganlaricha yo‘qoladi, qolganlarini otasining jiyani tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib nafaqaga chiqqan Sharvat ona Islomova to‘plab maktabda muzey tashkil qiladi. Hozir bu muzey ham yo‘q. Ana shunday muhitda kamol topgan bu oilaning hamma qizlari pedagoglik kasbini tanlashdi.
Hovlida rayhon egatlarini aylanib yurib, peshonasining bir chekkasiga bir shoda rayhonni qistirib olgan Maqsuda ona Abdujabborova turmush o‘rtog‘i Ergash ota bilan olti nafar farzandini tarbiyalab elimiz koriga yaraydigan insonlar qilib ulg‘aytirishdi. Har doim bolalik davrlarini eslaganda onalari Mastura ayaning shunday so‘zlarini ta‘kidlashdan charchamaydi: -"Qiz bola uchun eng yaxshi kasb bu o‘qituvchilik, chunki, Olloh uning tanasiga onalik mehri bilan tarbiya berish mas‘uliyatini teng qilib bergan" , - degan mana shu qoidaga umrbo‘yi amal qilganligini aytadi.
Ha, ayolning buyukligi ham shundadir. Yurtimizda o‘qituvchilar sulolasi juda ko‘p bo‘lishi mumkin, biroq bu kasbga e‘tiqod qilish qanchalik ulug‘likdan darakdir. Maqsuda Abdujabborova bir umr o‘qituvchilik kasbiga e‘tiqod ila ixlos qilib kelgan mo‘tabar ayoldir.
"15-may - Xalqaro oila kuni" munosabati bilan uzoq yillar taʼlim sohasida faoliyat olib borgan faxriy ustoz Maqsuda Abdujabborova "Ibratli oila" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Qarilik gashtini surayotgan onaxonimizga doimo sog‘lik, farzandlari va shogirdlari baxtiga omon bo‘lishini tilaymiz.

Shahlo QO'ZIYEVA,
Jurnalist.

Powered by GSpeech