Bugun Xitoyning Shanxay ta’lim markazida Markaziy Osiyo davlatlari pedagoglari ishtirokida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir mobaynida ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar, malaka oshirish dasturlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ishtirok etgan 17 ta davlat orasida faqat O‘zbekiston bilan memorandum imzolandi. Mazkur hujjat Shanxay ta’lim markazi va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq muddatli ta’lim hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan, Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov tomonidan hamkorlikka doir memorandum imzolandi. Ushbu memorandum ta’lim almashinuvi, metodik qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma dasturlar doirasida yangi bosqichni boshlab beradi.
Tomonlar UNESCO yo‘nalishidagi ta’lim loyihalarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Kelgusi to‘rt yil davomida qo‘shma ilmiy-metodik faoliyat, o‘qituvchilar almashinuvi va innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish ko‘lami yanada kengayadi.
Memorandumga binoan, O‘zbekiston o‘qituvchilari Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Singapur va boshqa davlatlarda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish va ilg‘or tajribalarni o‘z ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.