Samarqand viloyatida filologiya yo‘nalishi bo‘yicha “Kasbiy rivojlanish kuni” (KRK) hamda “Kasbiy rivojlanish soati” (KRS) tadbirlarining borishi izchil va tizimli ravishda o‘rganib borilmoqda.
Mazkur jarayonlar doirasida Samarqand shahridagi 54-maktab hamda Pastdarg‘om tumanidagi 39-, 3- va 72-maktablarda filologiya (rus tili) yo‘nalishi bo‘yicha KRK, shuningdek, filologiya (ona tili) yo‘nalishi bo‘yicha KRS mashg‘ulotlari Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov raisligida ishchi guruh tomonidan o‘rganildi va atroflicha tahlil qilindi.
- Tahlil jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiyalar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, mashg‘ulotlar mazmunini boyitish, interfaol metodlardan samarali foydalanish, o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligini kuchaytirish hamda tajriba almashinuvini kengaytirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi - deydi, viloyat Pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov.
Shuningdek, kelgusida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida doimiy monitoring olib borilishi belgilandi.
Kasbiy rivojlanish soati tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad — har bir darsda o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, dars samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilashdan iborat.