Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi ARM hamda “Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari” kafedrasi tomonidan Malkolm Gladuellning “Zukkolar va landavurlar” (“Outliers”) asariga bag‘ishlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotni kafedraning katta o‘qituvchisi Anvar Xurramov va O‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari 2-guruhi tinglovchilari tashkil etdi.
Taqdimot davomida muallif Malkolm Gladuell tomonidan muvaffaqiyatga erishish borasida ilgari surilgan yashirin qonuniyatlar, tarixiy va ijtimoiy omillar tahlil qilindi.
Asarda keltirilgan:
nega ko‘plab yetuk xokkeychilar aynan yanvarda tug‘ilgani;
osiyolik talabalar matematikani osonroq o‘zlashtirishining sabablari;
Nyu-Yorkning eng nufuzli advokatlari orasida yahudiylar ustunligi kabi hayotiy misollar muhokama qilindi.
Shuningdek, Bill Geyts, “The Beatles” va Motsart kabi shaxslar muvaffaqiyatining ortida turgan omillar, imkoniyatlar, mehnat, muhit va tarixiy sharoitlarning roli haqida fikr almashildi.
Taqdimot ishtirokchilari ushbu asarning muvaffaqiyatni oddiy “omad” deb tushunishdan ko‘ra, uning chuqur ijtimoiy va psixologik ildizlari borligini ochib berishi, talabalar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar hamda o‘z sohasida professional bo‘lishni istagan har bir kishi uchun foydali qo‘llanma ekanini ta’kidladilar.
Samarqand viloyati PMM ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring: